Oʻzbekistonda Milliy malaka tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi PQ-345-son va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-iyundagi VMQ-369-son qarorlariga muvofiq joriy etilgan.
Milliy malaka tizimi — bu Oʻzbekiston Respublikasida mehnat bozori va taʼlim tizimi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni taʼminlovchi, yagona milliy mexanizm hisoblanadi. U aholining iqtisodiy faol qatlamining kasbiy malaka va kompetensiyalarini taqdim etish, baholash va tan olish jarayonlarini ochiq, shaffof hamda xalqaro andozalarga muvofiq tartibga solishga xizmat qiladi.
Milliy malaka ramkasi esa mazkur tizimning asosiy tarkibiy qismi sifatida ishchi kuchining bilim va koʻnikmalarini baholash hamda tizimlashtirishning aniq mezonlarini belgilaydi. Malaka ramkasi 8 ta darajadan iborat boʻlib, har bir daraja mos ravishdagi bilim, amaliy koʻnikmalar, masʼuliyat va mustaqillik doirasini aniqlab beradi.
Milliy malaka tizimi mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, uni sifatini oshirish, kasbiy standartlar asosida oʻquv dasturlarini yangilash va mehnat bozoridagi real talablarga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Natijada tizim barcha manfaatdor tomonlar — taʼlim muassasalari, ish beruvchilar va shaxslar uchun umumiy malaka standartlari va tushunchalari maydonini yaratadi hamda milliy kvalifikatsiyalarning xalqaro darajada tan olinishiga zamin yaratadi.
Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti mazkur tizimni tashkiliy-metodik jihatdan taʼminlab, regulyator sifatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifalariga kasbiy standartlarni ishlab chiqish, malaka ramkalari va baholash instrumentlarini tayyorlash, noformal va informal taʼlim natijalarini validatsiya qilish (RPL) jarayonlarini muvofiqlashtirish, malakani baholash markazlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, tizimni raqamlashtirish hamda takomillashtirib borish kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining milliy malakalar ramkasi – mehnat bozori hamda taʼlim tizimini bogʻlovchi vosita boʻlib, malaka darajalarining umumlashtirilgan tavsifi va ularga Oʻzbekiston Respublikasi hududida erishishning asosiy yoʻllarini belgilaydi.
Milliy malakalar ramkasi tarmoq malaka ramkalarini, kasbiy standartlar va taʼlim dasturlarini hamda milliy va xalqaro darajadagi taʼlimning barcha darajalari uchun malakalarga erishish va tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.